Rajab Gulmatovich Xidirov 1962-yili 29-noyabrda Tojikiston Respublikasi Hisor tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktab ta’limidan so‘ng, Hisor shahar pedagogika bilim yurtida o‘qishni davom ettiradi. 1981 - 1983-yillarda armiya safida xizmat qiladi. 1983 - 1987-yillar hozirgi Akademik Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universitetida saboq oladi. Talabalik chog‘idayoq, ilmga chanqoqligi, tashkilotchilik qobiliyati sezilib turardi va yangiliklar to‘g‘risida “Xalq ovozi” respublika, “Sug‘d haqiqati” viloyat va “Mahorati pedagogy” universitet va “Hisori Shodmon” tuman gazetalarida xabar, ilmiy-ommabop maqola, she’r va hikoyalari chop etilardi. U bitiruv risolasini “Alisher Navoiy asarlarining tojik tiliga tarjimalari” mavzusida “a’lo” baho bilan topshiradi.
Rajab Xidirov universitet yo‘llanmasi bilan Hisor shahar pedagogika bilim yurtiga o‘zbek tili va adabiyoti fanlari o‘qituvchisi sifatida ishga jo‘natiladi. 1990-yil Alisher Navoiyning 550 yilligiga bag‘ishlab, birinchi ilmiy yo‘nalishdagi “Navoiy gulshanidan sahifalar” nomli kitobi nashr ettiriladi.
1992-yil Hisor shahar pedagogika bilim yurtidan hozirgi Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universitetiga ishga chaqirtiriladi va, avvalo, umumiy psixologiya kafedrasida faoliyatini boshlaydi. S.Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universitetining sobiq rektori, professor Ergash Yamoqovich Yamoqov va Rajab Xidirov tashabbuslari bilan Tojikiston Hukumatining maxsus Qarori asosida tojik filologiyasi fakulteti qoshida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi tashkil etiladi va universitetga sobiq Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Termiz davlat pedagogika universiteti va Akademik B.G‘afurov nomidagi Xujand davlat universitetidan mazkur ixtisosga oid uquv rejalari, dasturlar, minglab darslik kitoblari, ilmiy va badiiy asarlar keltiriladi. 1993-yil Rajab Xidirov Toshkent, Termiz va Xujand shaharlari ish safaridan so‘ng, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limida birinchi rahbar, birinchi o‘qituvchi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Rektor buyrug‘i bilan 1998 - 2000-yillar universitetda Turkiya davlatining elchixonasi tashabbusi bilan ochilgan turkologiya fakultetida ta’lim ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari vazifasida ishga o‘tkaziladi. Rajab Xidirov universitet rahbarlari va ustozlari orasida o‘zining tashkilotchiligi, zukko olim, mahoratli pedagog va samimiy insonligi bilan obro‘-e’tibor qozongan olimlardan biri sanaladi. Universitetning sobiq rektori Qurbon Rasulov universitetning “Omo‘zgori ҷavon” (Yosh o‘qituvchi) gazetasiga bosh muharrirlik vazifasini ham olib borishlikni tavsiya etadi va bu ishda ham o‘zining jurnalistika sohasida yetuk qobiliyatga ega ekanligini namoyish etadi.
Rajab Xidirov ta’lim-tarbiya, ilmiy izlanishlar olib borishi bilan hamzamon 2012-yildan boshlab, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy test markazida (TRPHMTM) o‘zbek tili va adabiyoti fanlari bo‘yicha bosh mutaxassis sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. TRPHMTM nashriyasi tavsiyasi bilan 2014-yildan buyon o‘zbek tili va adabiyoti fanlaridan test savollari har yili umumiy test kitoblarida (internet veb saytida ham) nashr ettirilmoqda. Rajab Xidirov 2014-yildan boshlab, Tojikiston Respublikasi Maorif va ilm vazirligi qoshidagi Milliy tahsilot sho‘rosi a’zosi va o‘zbek tili va adabiyoti fanlari dastur va darslik kitoblari jamoatchi koordinatori vazifasini ham ado etib kelmoqda.
2018-yildan Termiz davlat universitetining (keyinchalik Samarqand davlat universiteti) Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti filialida to‘liq bo‘lmagan bandlik sifatida, 2022-yildan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida tanlov asosida to‘liq bandlikda dotsent vazifasiga ishga qabul qilindim.